Dastlab, viloyat hokimi “UNG Medline” klinikasiga tashrif buyurib, muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy tibbiy jihozlar, diagnostika va davolash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Klinikada aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, bemorlar uchun yaratilgan qulayliklar, mutaxassislar malakasi hamda xizmat ko‘rsatish tizimi atroflicha o‘rganildi.
Shu bilan birgalikda tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni joriy etish va xizmatlar sifatini yanada kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, “Marjon” sanatoriyasi faoliyati bilan ham tanishildi. Sanatoriyada dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, davolash-profilaktika xizmatlari, mavjud infratuzilma, xonalar holati va xizmat ko‘rsatish sifati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, dam oluvchilar bilan samimiy suhbat qurilib, ularning takliflari tinglandi.
O‘rganishlar jarayonida, sog‘lomlashtirish jarayonlari samaradorligini yanada oshirish, tibbiy muolajalar sifatini yaxshilash hamda xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida mutasaddilar bilan muloqot o‘tkazilib, aholiga sifatli, zamonaviy va qulay tibbiy hamda sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Xususan, ayni kunlarda Muborak tumanidagi “Bobur” mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ko‘p qavatli uylar atrofidagi ichki yo‘llar betonlashtirilmoqda, yo‘laklar tartibga keltirilmoqda.
Mazkur ishlar bilan viloyat hokimi yaqindan tanishib, ularni sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berib o‘tdi.


